
Xorazm viloyatida “Yangi Oʻzbekiston talabalar olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan sport musobaqalari yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Mazkur olimpiada doirasida viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida dastlab universitet bosqichi bellashuvlari tashkil etilib, unda minglab talaba-yoshlar faol ishtirok etdi. Ushbu bosqichda saralangan iqtidorli sportchilar keyingi hududiy musobaqalarda o‘zaro kuch sinashdilar.
Urganch davlat universitetida o‘tkazilgan hududiy bosqich bellashuvlarida Urganch davlat pedagogika instituti, Urganch davlat tibbiyot instituti hamda boshqa oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari ishtirok etdi. Unda basketbol, voleybol, gandbol, yengil atletika, stol tennis hamda futbol boʻyicha bellashuvlar oʻtkazildi.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, sport mahorati hamda jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini namoyon etdilar. Musobaqalar yuqori saviyada tashkil etilib, ochiqlik va halollik tamoyillari asosida o‘tkazildi.