
Toshkent shahrida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan 28–30 aprel kunlari oʻtkazilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali yoshlar, muhandislar va innovatorlar uchun haqiqiy tantanaga aylandi. Festival doirasida yoshlar tomonidan yaratilgan zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yondashuvlar va muhandislik ishlanmalari namoyish etildi.
Festivalning tantanali yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Ilhom Sirojev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ishtirok etib, yosh muhandislarni muborakbod etdilar.
Shuningdek, marosim davomida tanlov va musobaqalarda yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar taqdirlanib, ularga pul mukofotlari, qimmatbaho sovg‘alar hamda yetakchi kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatlari topshirildi.
Mazkur xalqaro festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan muhandislik sohasini rivojlantirish, ilm-fan, ta’lim va sanoat integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida tashkil etildi .
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan festival muhandislikning 9 ta eng dolzarb yo‘nalishini qamrab olib, unda 34 ta respublika va xalqaro darajadagi musobaqa hamda amaliy sinovlar tashkil etildi. Joriy yilda festivalda ishtirok etish uchun 14 mingga yaqin yoshlar ro‘yxatdan o‘tdi.
Festival dasturi doirasida aviatsiya, robototexnika, agrotexnologiyalar, mashinasozlik, chip dizayn, yashil energetika, arxitektura va tibbiyot muhandisligi yo‘nalishlarida zamonaviy ishlanmalar namoyish etildi. Xususan, FPV dronlar poygasi, robotlar jangi (Robo war), “Robo coders” tanlovi hamda sun’iy intellektga asoslangan “AI Health Hackathon” kabi musobaqalar katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, festival doirasida Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda xalqaro olimpiadalar, xorijiy ekspertlar ishtirokida seminarlar va ilmiy-amaliy forumlar tashkil etilib, yoshlar uchun global tajriba almashish imkoniyati yaratildi.
Festivalning muhim qismlaridan biri sifatida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmada 19 ta xorijiy va 140 dan ortiq mahalliy innovatsion ishlanmalar taqdim etildi. Yosh muhandislar o‘z loyihalarini ekspertlar va investorlar e’tiboriga havola qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbir doirasida Rossiya Federatsiyasi va Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari ishtirokida “Kelajak muhandislari” ilmiy-ta’lim konsorsiumi ishga tushirildi.