17 aprel kuni «Mirzo Ulugʻbek vorislari» tayyorlov oʻquv kurslari tashabbusi bilan “Raqamlashtirish sharoitida zamonaviy didaktik modellardan foydalanish: fan, taʼlim va amaliyot integratsiyasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.
Mazkur anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Oʻzbek-fransuz universiteti hamda qator xalqaro hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etildi.
Anjumanning ochilish marosimi nufuzli mehmonlar ishtirokida oʻtdi. Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi raisi, akademik Oqil Salimov hamda “Science and Innovation” kompaniyasi asoschisi va direktori Baxtiyor Rustamov kirish soʻzi bilan chiqish qilib, dunyo miqyosida raqamlashtirish jarayonlari jadal tus olayotgani, zamonaviy texnologiyalar barcha sohalarga, xususan taʼlim tizimiga chuqur kirib borayotganini taʼkidladilar.
Anjuman doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov ishtirok etib, taʼlim tizimida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini oʻquv jarayoniga keng joriy etish hamda inson va raqamli agentlar oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini taʼkidladi. Vazir oʻz nutqida zamonaviy bilim va koʻnikmalarni shakllantirishda innovatsion yondashuvlarni keng qoʻllash, taʼlim sifatini oshirish va xalqaro tajribalarni joriy etish masalalariga alohida urgʻu berdi.
Anjumanning asosiy mavzusi — inson va raqamli agentlar hamkorligi orqali taʼlim jarayonlarini takomillashtirish, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni taʼlim tizimiga integratsiya qilish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish masalalaridan iborat boʻldi. Mutaxassislar tomonidan oʻqitish jarayonida raqamli platformalardan samarali foydalanish, taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi innovatsion yechimlarni ishlab chiqish hamda talabalarda tanqidiy va ijodiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Konferensiya doirasida kompetensiyaviy yondashuvni izchil joriy etish, STEAM taʼlimni rivojlantirish, fanlararo integratsiyani kuchaytirish, shuningdek taʼlim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy-nazariy va amaliy masalalar muhokama qilindi.
Shoʻba yigʻilishlarida inson–raqamli agent hamkorligining nazariy asoslari, sunʼiy intellekt vositalarining imkoniyat va cheklovlari, kognitiv va kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirish mexanizmlari, taʼlim siyosati va strategik boshqaruv yoʻnalishlarida innovatsion takliflar ilgari surildi. Ishtirokchilar oʻzaro tajriba almashib, taʼlim tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqdilar.
Anjuman yakunida taʼlim tizimida raqamli transformatsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish va xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha muhim xulosalarga kelindi.
Tadbirda oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, professor-oʻqituvchilar, amaliyotchi mutaxassislar, xorijiy ekspertlar, IT kompaniyalar vakillari, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Faol qatnashchilar sertifikat va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Mazkur anjuman taʼlim sohasida ilmiy fikr almashish, innovatsion gʻoyalarni ilgari surish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishda muhim muloqot maydoni boʻlib xizmat qildi.