2-may kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov rahbarligida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi “Yangi Oʻzbekiston” universitetida “Rektorlar maktabi” dasturini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda mazkur qaror asosida “Yangi Oʻzbekiston” universitetida joriy etilayotgan “Rektorlar maktabi” dasturining mazmun-mohiyati, uni amalga oshirish mexanizmlari hamda kutilayotgan natijalar atroflicha muhokama qilindi. Qayd etilganidek, ushbu dastur oliy taʼlim muassasalari uchun zamonaviy, strategik fikrlaydigan, ilmiy va boshqaruv koʻnikmalariga ega rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan. Dastur doirasida tinglovchilar akademik, moliyaviy, innovatsion boshqaruv, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish yoʻnalishlarida chuqur bilim va koʻnikmalarga ega boʻladi. Yigʻilishda dasturga nomzodlarni saralash, oʻquv jarayonini samarali tashkil etish, shuningdek, uning natijadorligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanishicha, har yili dasturga 80 nafar tinglovchi qabul qilinishi belgilangan boʻlib, ular orasidan eng yaxshi natija koʻrsatgan 40 nafargacha ishtirokchi xorijiy nufuzli oliy taʼlim muassasalarida malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻladi. Shu bilan birga, vazir barcha masʼullarga qaror ijrosini sifatli va oʻz vaqtida taʼminlash, dastur doirasida tayyorlanadigan kadrlar salohiyatini amalda namoyon etish boʻyicha aniq vazifalar yuklatdi. Yigʻilish yakunida belgilangan topshiriqlar ijrosini tizimli nazoratga olish va har bir bosqichda aniq natijadorlikka erishish zarurligi taʼkidlandi.